Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda “Eng faol yil talabasi – 2025” respublika tanlovini eʼlon qildi.
Tanlovda oliy taʼlim muassasasida uzluksiz (akademik taʼtilsiz) kunduzgi taʼlim shaklida oʻqib kelayotgan 2-, 3-, 4-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin. Oldingi yillarda mazkur tanlovda 1-, 2- va 3-oʻrinni egallagan talabalarning qayta ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Gʻoliblar quyidagi 7 ta nominatsiya boʻyicha aniqlanadi:
- Yilning oʻz mutaxassisligi boʻyicha eng bilimdon talabasi;
- Yilning eng faol targʻibotchi talabasi;
- Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi;
- Yilning eng faol sportchi talabasi;
- Yilning eng faol iqtidorli talabasi (rangtasvir, grafika, dizayn, amaliy sanʼat, haykaltaroshlik boʻyicha);
- Yilning eng faol ijodkor talabasi;
- Yilning eng faol tadbirkor talabasi (xotin-qizlar uchun).
Tanlovning birinchi — OTM bosqichida nominatsiyalar boʻyicha yuqori oʻrinlarni egallagan gʻoliblar oliy taʼlim muassasasining faxriy yorligʻi hamda tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 8, 6 va 4 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Respublika gʻoliblari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi diplomi, maxsus statuetka hamda 1-oʻrin uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari, 2-oʻrin uchun 10 barobari va 3-oʻrin uchun 8 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Hujjatlar oliy taʼlim muassasalarining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼullari tomonidan 2025-yil 15-noyabrga qadar qabul qilinadi.